Aholisi zich yoki qamrov ko‘rsatkichi past bo‘lgan hududlarda yangi davlat bog‘chalari quriladi. Xususiy sektor kengaytiriladi.
TOShKENT, 16-may — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev maktabgacha ta’lim tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi va maktabgacha ta’lim qamrovini kengaytirish bo‘yicha besh yillik dastur ishlab chiqish vazifasini qo‘ydi.
Qayd etilishicha, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi maktabgacha ta’lim jarayonini yangi tartibda tashkil etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqqan.
Taqdimotda maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, bog‘chalarda sifat va qamrovni oshirish, bu borada ilg‘or xorijiy tajribalarni joriy qilish choralari haqida axborot berildi. Xususan, aholisi zich yoki qamrov ko‘rsatkichi past bo‘lgan hududlarda yangi davlat bog‘chalari quriladi hamda xususiy sektor kengaytiriladi. Kam quvvatda ishlayotgan maktablarda tayyorlov guruhlari tashkil etiladi.